Yangiliklar

Rasmiy yangiliklar va e'lonlar.

"Yengil sanoatni moliyaviy qo'llab-quvvatlash jamg'armasi"
16.02.2026 Ko'rilgan: 6
"Yengil sanoatni moliyaviy qo'llab-quvvatlash jamg'armasi"

"Yengil sanoatni moliyaviy qo'llab-quvvatlash jamg'armasi" tomonidan yengil sanoat sohasidagi tadbirkorlik subyektlariga Hukumat qarorida belgilagan quyidagi yo'nalishlarda ko'mak beradi. Standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini joriy etish Yengil sanoat mahsulotlarini xorijiy bozorlarga olib chiqish uchun xalqaro standartlar muhim ahamiyatga ega. Jamg‘arma tomonidan tadbirkorlarga xalqaro standartlar va sertifikatlarni (ISO, OEKO-TEX, GOTS va boshqalar) joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi. — Sertifikatlash xizmatlari — Laboratoriya sinovlari — Konsalting va texnik hujjatlarni tayyorlash Bu imtiyoz mahsulotlaringizning raqobatbardoshligini oshiradi va eksport imkoniyatlarini kengaytiradi. Yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirok etish Jamg‘arma yengil sanoat korxonalarining xalqaro va mahalliy yarmarka hamda ko‘rgazmalarda ishtirok etish xarajatlarini qoplaydi. — Stend ijarasi — Ekspozitsiya tayyorlash — Ro‘yxatdan o‘tish to‘lovlari Eksportoldi moliyalashtirish krediti uchun resurs ajratish Jamg‘arma eksportoldi moliyalashtirish krediti uchun tijorat banklariga resurs ajratadi. — Xomashyo xaridi — Ishlab chiqarish — Yetkazib berish Sug‘urta mukofoti xarajatlarini kompensatsiya qilish Jamg‘arma tomonidan eksport shartnomalari bo‘yicha sug‘urta mukofoti xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi. — Tadbirkor moliyaviy xavflardan himoyalanadi — Eksport faoliyati yanada barqaror bo‘ladi Tovar va xizmatlarni xalqaro elektron savdo maydonchalarida joylashtirish Jamg‘arma Amazon, Alibaba, Etsy va boshqa xalqaro elektron savdo platformalarida mahsulotlarni joylashtirish xarajatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. — Platformaga joylashtirish — Kontent va katalog tayyorlash — Raqamli reklama Xorijiy davlatlarda savdo uylarini ochish va saqlash Jamg‘arma xorijiy davlatlarda savdo uylarini ochish va saqlash, shuningdek: — Ofis — Savdo va ombor binolari — Ijara xarajatlarini qoplashda yordam beradi. Xorijiy konsalting kompaniyalar va mutaxassislarni jalb qilish Jamg‘arma xorijiy konsalting kompaniyalari va malakali mutaxassislarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplaydi. — Strategiya — Marketing — Eksportni rivojlantirish Xorijdan malakali dizayner va mutaxassislarni jalb qilish Jamg‘arma yengil sanoat korxonalariga xorijdan dizayner, texnolog, marketolog va konstruktorlarni jalb qilish xarajatlarini qoplab beradi. — Dizayn sifati oshadi — Mahsulot zamonaviylashadi Moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritish Jamg‘arma moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar (IFRS) asosida yuritishni joriy qilish xarajatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. — Konsalting — Hisobotlarni moslashtirish Ishlab chiqarish biznes jarayonlarini avtomatlashtirish Jamg‘arma ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtiradi. — ERP, CRM tizimlari — Xarajatlarni kamaytirish — Samaradorlikni oshirish Brendlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va jalb qilish Brend — bu sizning imijingiz. Jamg‘arma mahalliy va xorijiy bozorlarda brendlarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda rivojlantirish xarajatlarini qoplaydi. — Tovar belgisi — Xalqaro himoya Qo'shimcha ma'lumotlar uchun Yengil sanoatni rivojlantirish Agentligi mas‘ul xodimiga murojaat qiling. +998 (71) 203 77 72 (411), (412), (413), (420) Arizani quyidagi havola orqali yuborishingiz mumkin: https://adli.uz/ 🌐 https://gov.uz/oz/adli

2025–2026 yillarda to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining eksport ko‘rsatkichlari
13.02.2026 Ko'rilgan: 5
2025–2026 yillarda to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining eksport ko‘rsatkichlari
2025–2026 yillarda to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining eksport ko‘rsatkichlari 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati mahsulotlari eksport hajmi 2,6 mlrd AQSh dollariga yetkazildi. Hisobot yilida mahalliy mahsulotlar 75 ta davlatga eksport qilinib, asosiy savdo hamkorlari sifatida Rossiya, Turkiya, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Xitoy, Germaniya hamda Birlashgan Arab Amirliklari qayd etildi. Shuningdek, Jazoir, Angola, Gretsiya va Quvayt davlatlari bozorlariga tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, trikotaj mato va gazlama mahsulotlari bilan kirib borishga erishildi. Bundan tashqari, to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar soni 1 409 taga yetkazilib, 502 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi. Ushbu yangi korxonalar tomonidan jami 203,0 mln dollarlik eksport amalga oshirildi. 2024 yilga nisbatan tayyor to‘qimachilik mahsulotlari eksport hajmining 18,5 foizga o‘sishi ta’minlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 12 yanvardagi PF-4-son Farmoni (“Mahalliy yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirokini kengaytirish hamda tashqi bozorlarda o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”)ga muvofiq, 2026 yilda mahalliy to‘qimachilik mahsulotlari eksportini 4,0 mlrd dollarga, shu jumladan elektron savdo platformalari orqali 700 mln dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Mazkur ko‘rsatkich eksport hajmining 152 foizga o‘sishini anglatadi.
Agentlik rahbariyati Ispaniya Qirolligining “Ayeco” kompaniyasi rahbari Alejandro Pastrana bilan uchrashuv o‘tkazdi.
11.02.2026 Ko'rilgan: 4
Agentlik rahbariyati Ispaniya Qirolligining “Ayeco” kompaniyasi rahbari Alejandro Pastrana bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Joriy yilning 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligida Agentlik direktori o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev Ispaniya Qirolligining “Ayeco” kompaniyasi rahbari Alejandro Pastrana bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida to‘qimachilik sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning Yevropa bozoriga kirib borishini kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish maqsadida tashkil etildi. Uchrashuvda 27 ta mahalliy to‘qimachilik korxonasidan iborat konsorsium shakllantirish, shuningdek Madrid shahrida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari uchun ulgurji savdo maydoni va showroom ochish bo‘yicha alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda mahalliy yetakchi eksportyor korxonalar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Ispaniyaning to‘qimachilik kompaniyalari, distribyutorlar va savdo tarmoqlari vakillari Zoom platformasi orqali onlayn tarzda qatnashdi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish, “Made in Uzbekistan” milliy brendini Yevropa bozorida tizimli ilgari surish hamda uzoq muddatli eksport infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Uchrashuv yangiliklari: O‘zbekiston – Pokiston hamkorligi
05.02.2026 Ko'rilgan: 4
Uchrashuv yangiliklari: O‘zbekiston – Pokiston hamkorligi
2026-yil 5-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov Pokistonning yetakchi kompaniyalaridan biri — Rustam Towel (Pvt) Ltd direktori Waseem Arif Dogar bilan samimiy va samarali uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida: – mahalliy sanoatni rivojlantirish hamda yuqori sifatli tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi; – O‘zbekiston va Pokiston korxonalari o‘rtasida hamkorlik va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi; – yaqin istiqbolda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Uchrashuv yakunida Agentlik direktori Nozimjon Xolmurodov quyidagilarni ta’kidladi: "Ushbu hamkorlik O‘zbekiston yengil sanoati uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizning xalqaro bozorga chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi."
O‘zbekiston–Pokiston: tayyor kiyim-kechak sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
05.02.2026 Ko'rilgan: 4
O‘zbekiston–Pokiston: tayyor kiyim-kechak sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov Pokistonning Uniworth Apparel (Private) Limited kompaniyasi vakili janob Shehrooz Bin Yaqoob bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida tomonlar tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish, dizayn va brending, shuningdek eksport yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Uchrashuvda O‘zbekiston yengil sanoatining zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasi, klaster tizimi hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Mazkur kompaniya xalqaro brendlar bilan ishlash tajribasiga ega ekanligini ta’kidlab, O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.
Agentlik rahbariyati Qishloq xo‘jaligi departamenti (USDA) hamda AQSH elchixonasi vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
30.01.2026 Ko'rilgan: 3
Agentlik rahbariyati Qishloq xo‘jaligi departamenti (USDA) hamda AQSH elchixonasi vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
2026-yil 30-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev AQSH Qishloq xo‘jaligi departamenti (USDA) hamda AQSH elchixonasi vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, 2025-yilda paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 4 million tonna paxta xomashyosi yetishtirilgani, tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2017-yilga nisbatan 5,4 barobarga, eksport hajmi esa 4 barobarga oshgani qayd etildi. Shuningdek, uchrashuv doirasida USDA huzuridagi Tashqi qishloq xo‘jaligi xizmati (FAS) tomonidan amalga oshirilayotgan GSM-102 “Eksport kredit kafolati dasturi” imkoniyatlari muhokama qilindi. Mazkur dastur doirasida O‘zbekiston yengil sanoat klasterlariga yuqori sifatli “Pima” va “ELS” tolali paxtani yetkazib berish, kredit shartlarini soddalashtirish va muddatlarini uzaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Tomonlar “Made with U.S. Cotton” yorlig‘i ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar orqali O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining AQSH va Yevropa Ittifoqi bozorlaridagi nufuzini yanada oshirish, shuningdek tijorat banklari va klasterlar uchun maxsus o‘quv dasturlarini tashkil etish masalalarida ham kelishuvlarga erishdilar. Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida yengil sanoat hamkorligi bo‘yicha memorandum imzolandi
28.01.2026 Ko'rilgan: 3
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida yengil sanoat hamkorligi bo‘yicha memorandum imzolandi
2026-yil 28-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Jamshid Kuchkarov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov Turkiyaning yetakchi kompaniyalaridan biri — DoCotton Group boshqaruv kengashi raisi Mehmet Doğan bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida “From Nature to Fashion” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur loyiha doirasida 100 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar hisobidan Qashqadaryo viloyatida 15 ming gektar maydonda GOTS, OCS, Renagri va BCI xalqaro standartlari asosida organik paxta yetishtirish hamda uni chuqur qayta ishlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, loyiha orqali yiliga 90 million dollardan 400 million dollargacha bo‘lgan tayyor mahsulotlarni Inditex, Hugo Boss, IKEA kabi yetakchi xalqaro brendlarga yetkazib berish hamda 420 ming uglerod birligini realizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Mazkur hamkorlik O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
O'zbekiston-2030 strategiyasi
27.01.2026 Ko'rilgan: 4
O'zbekiston-2030 strategiyasi
.
YENGIL SANOAT KORXONALARINI MOLIYAVIY QO‘LLAB-QUVVATLASH — AMALIY NATIJALAR
15.01.2026 Ko'rilgan: 4
YENGIL SANOAT KORXONALARINI MOLIYAVIY QO‘LLAB-QUVVATLASH — AMALIY NATIJALAR
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-noyabrdagi 729-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan yengil sanoat tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil va tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qarorga muvofiq, “Yengil sanoatni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tomonidan ikkinchi marotaba respublikaning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan 10 ta yengil sanoat korxonasiga moliyaviy resurslar ajratildi. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash jarayonlari ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlik subyektlari moliyaviy resurslardan foydalanish uchun 🌐 adli.uz portali orqali elektron ariza topshirishlari mumkin. Ma'lumot uchun: Agentlik tomonidan 2025-yil dekabr oyida 16 ta korxonaga moliyaviy resurs ajratilgan edi. Batafsil: https://t.me/adli_uz/214 Yengil sanoat sohasini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash Agentlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.