Asosiy / Yangiliklar / Batafsil
28.01.2026 · Ko'rilgan: 4

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida yengil sanoat hamkorligi bo‘yicha memorandum imzolandi

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida yengil sanoat hamkorligi bo‘yicha memorandum imzolandi
2026-yil 28-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Jamshid Kuchkarov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov Turkiyaning yetakchi kompaniyalaridan biri — DoCotton Group boshqaruv kengashi raisi Mehmet Doğan bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida “From Nature to Fashion” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur loyiha doirasida 100 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar hisobidan Qashqadaryo viloyatida 15 ming gektar maydonda GOTS, OCS, Renagri va BCI xalqaro standartlari asosida organik paxta yetishtirish hamda uni chuqur qayta ishlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, loyiha orqali yiliga 90 million dollardan 400 million dollargacha bo‘lgan tayyor mahsulotlarni Inditex, Hugo Boss, IKEA kabi yetakchi xalqaro brendlarga yetkazib berish hamda 420 ming uglerod birligini realizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Mazkur hamkorlik O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.