13.02.2026 · Ko'rilgan: 7
2025–2026 yillarda to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining eksport ko‘rsatkichlari
2025–2026 yillarda to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining eksport ko‘rsatkichlari
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati mahsulotlari eksport hajmi 2,6 mlrd AQSh dollariga yetkazildi.
Hisobot yilida mahalliy mahsulotlar 75 ta davlatga eksport qilinib, asosiy savdo hamkorlari sifatida Rossiya, Turkiya, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Xitoy, Germaniya hamda Birlashgan Arab Amirliklari qayd etildi.
Shuningdek, Jazoir, Angola, Gretsiya va Quvayt davlatlari bozorlariga tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, trikotaj mato va gazlama mahsulotlari bilan kirib borishga erishildi.
Bundan tashqari, to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar soni 1 409 taga yetkazilib, 502 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi. Ushbu yangi korxonalar tomonidan jami 203,0 mln dollarlik eksport amalga oshirildi.
2024 yilga nisbatan tayyor to‘qimachilik mahsulotlari eksport hajmining 18,5 foizga o‘sishi ta’minlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 12 yanvardagi PF-4-son Farmoni (“Mahalliy yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirokini kengaytirish hamda tashqi bozorlarda o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”)ga muvofiq, 2026 yilda mahalliy to‘qimachilik mahsulotlari eksportini 4,0 mlrd dollarga, shu jumladan elektron savdo platformalari orqali 700 mln dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Mazkur ko‘rsatkich eksport hajmining 152 foizga o‘sishini anglatadi.